17 may 2021, dushanba

Kirish

O'zbekistonda prezidentlik saylovlari oktyabr oyida o'tkazilishi mumkin

Oʻzbekistonda Prezident saylovlari oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi mumkin. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, ushbu masala Quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yigʻilishida muhokama qilingan. Agar yangi tartib qabul qilinsa, 2021 yilga Prezident saylovlari 24 oktyabrga toʻgʻri keladi.

 

Konstitutsiya va Saylov kodeksiga esa tegishli oʻzgartishlar kiritish kerak boʻladi.

 

Avval Prezident saylovlari dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilardi.

 

Muhokamaga qoʻyilgan 2021 yilgi Davlat dasturi loyihasiga koʻra, Oʻzbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari 2021 yil 1 martdan boshlanadi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak saviyada oʻtkazish boʻyicha aniq choralar belgilanadi. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha takliflar ham ishlab chiqiladi.

 

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida 2021 yilda oʻtkaziladigan “davlat va xalq hayotidagi muhim siyosiy hodisa” — prezidentlik saylovlari masalasiga toʻxtalib oʻtgandi. Oʻshanda Shavkat Mirziyoyev Markaziy saylov komissiyasi “boʻlajak saylovlarning milliy qonunchilik va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratishi” lozimligini taʼkidlagan.

Maʼlumot uchun, Prezident saylovini Oʻzbekiston fuqarolari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik boʻlmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston fuqarosi saylanishi mumkin.

Oʻzbekiston Prezidenti besh yil muddatga saylanadi.